Ogohlik va ozodalik – ishonchli to‘siq
Mamlakatimizda inson manfaatlari va uning salomatligi doimiy himoyaga olingan. Davlat veterinariya xizmati tomonidan o‘tkazilayotgan keng miqyosli tadbirlar samarasida yuqumli kasallik infeksiyalarining mamlakatimiz hududiga kirib kelishi va tarqalishiga qarshi mustahkam to‘siq qo‘yilmoqda.

Joylarda yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish maqsadida izchil profilatik chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, q ishloq xo‘jaligi, chorvachilik mahsulotlarini yetishtirish, saqlash va tashilishi ustidan davlat veterinariya nazorati kuchaytirilib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat veterinariya boshqarmalarida mazkur yo‘nalishda belgilangan vazifalar ijrosi qat’iy ta’minlanmoqda.
– Davlat veterinariya xizmati o‘tkir yuqumli infeksiyalarni aniqlash imkonini beradigan barcha vositalar bilan ta’minlangan, – deydi O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi davlat veterinariya bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Shomurod Rahmatullayev. – Turli kasalliklar tarqalishining oldini olish maqsadida profilaktika ishlari yanada kuchaytirilmoqda. Zero, bunday kasalliklar davlatga iqtisodiy zarar keltirish bilan birga, odamlar hayotiga ham xavf soladi.
Prezidentimiz Islom Karimovning 2006 yil 23 martda qabul qilingan “Shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xo‘jaliklarida chorva mollarni ko‘paytirishni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga binoan joylardagi veterinariya punktlari soni ikki mingtadan oshdi. Imtiyozli kreditlar hisobiga ular maxsus sovutgichlar, mikroskoplar va boshqa zarur asbob-uskunalar bilan jihozlangani chorva mollariga ko‘rsatilayotgan xizmat sifatini yanada oshirish imkonini bermoqda.
Chorvachilik mahsulotlarining xavfsizligini ta’minlash uchun o‘tgan davr mobaynida bozorlarga sotish uchun chiqarilgan 31,5 tonna go‘sht va go‘sht mahsulotlari, 29 tonna sut va sut mahsulotlari, 20 tonna baliq va baliq mahsulotlari, 72 million dona tuxum hamda 16 tonna asal veterinariya-sanitariya ekspertiza laboratoriyalari orqali tekshiruvdan o‘tkazildi. Iste’mol uchun yaroqsiz deb topilgan 3 tonna go‘sht, 3 tonnadan ziyod sut, 820 kilogramm asal, 625 kilogramm baliq va 11 ming dona tuxum belgilangan tartibda zararsizlantirildi.
Davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan mazkur chora-tadbirlarning samaradorligi, avvalo, odamlarning tibbiy madaniyatiga, ushbu sa’y-harakatlar ahamiyatini qanchalik teran tushunishiga bog‘liq. Masalan, ko‘pchiligimiz avtobus bekatlarida, ko‘chalar bo‘ylarida savdo qiluvchi “sotuvchilar” xizmatidan foydalanamiz. Ammo ular sotayotgan mahsulotning sifati, sanitariya-gigiyena holatiga, qolaversa, savdo madaniyatiga, tibbiy me’yorlarga qanchalik javob berishi haqida o‘ylamaymiz. Ko‘chadagi transport tomonidan ko‘tarilgan chang va tutun o‘rnashib qolgan pista, sho‘rdanak, qurut, sigareta kabi tovarlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri iste’mol qilamiz, ulardan farzandlarimizga ham olib beramiz.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, qadoqlanmagan tarzda, ko‘cha va yo‘laklar chetida sotilayotgan ana shunday pista, qurut, sigaretlarda turli zararli mikroblar va kimyoviy moddalar miqdori yuqori darajada bo‘ladi. Ularni iste’mol qilish o‘tkir yuqumli kasalliklarni keltirib chiqaradi.
Bunday xavfga qarshi kurashda ogohlik, sanitariya-gigiyena talablariga e’tibor eng ishonchli to‘siqdir. Har bir inson o‘z salomatligi oldidagi mas’uliyatini, burch va majburiyatlarini aniq bilsa hamda ularga amal qilsa, yuqumli kasallikdan xoli bo‘ladi.
Sayyora Shoyeva